
Sitora birinchi turmushi o‘xshmagani uchun ikkinchi marta oila quradi. O‘g‘li Murodni otasi Yoqubga qoldirib ketadi.
Yoqub ota ancha qarib qolgan, uning ustiga astma kasalligi ham bor. Oldin mashhur kurashchi bo‘lgani uchun nevarasi bo‘lmish Murodga kurash va boksdan saboq bera boshlaydi.
Murod garchi bobosi bilan yashashdan mamnun bo‘lsa ham, onasini sog‘inadi. Uni qaytib kelishini istaydi. Lekin Sitora o‘g‘lidan deyarli xabar olmaydi.
Yoqub ota pul yig‘ib, Murodni yaxshi trenerga shogirdlikka bermoqchi bo‘ladi. Bu orada sog‘lig‘i ancha yomonlashadi. Shunga qaramay, hovlida u bilan har xil mashg‘ulotlar o‘tkazadi.
Bu orada Sitora jamadonlarini ko‘tarib uyga qaytib keladi. Otasi: «Shuncha xatoyingni kechirdim, bu safar ham seni ko‘chada qoldirmayman. Shu yerda qolaver», deydi. Sitora esa oilasidan voz kecholmasligini, u yerga qaytib borishini, faqat erining mashinasini urib yuborgani, o‘sha mashinani ta’mirlash kerakligini aytadi. Yoqub ota qizining maqsadini tushunib, unga yig‘ib qo‘ygan pullarini beradi. Murod onasining ketganiga bir xafa bo‘lsa, bobosi trenerga olib boraman deb mashaqqat bilan yiqqan pulini berib yuborganiga yanada xafa bo‘ladi.
Nevarasining o‘ksib qolganini payqagan Yoqub ota siqiladi. Astma kasali huruj qilib, ahvoli yomonlashadi. Murod qanday yordam berishni bilmay yig‘laydi.
Keyingi kadr: Oradan ancha vaqt o‘tgan. Murod bobosining qabri oldida medalini ushlab turibdi. Bu hali boshlanishi ekanini, yaqinda jahon chempionatida qatnashishini aytadi.
Murod bilan bitta zalga boradigan Aziz uni emas, Murodni jahon chempionatiga yuborishmoqchi ekanini eshitgach, qattiq g‘azablanadi. Do‘sti Ilhomdan yordam so‘raydi. Otasi katta joyda ishlaydigan, boy xonadon farzandi bo‘lmish Ilhom bu masalani osongina hal qilib berishini aytadi. Aziz bilan birga zalga borganda uning raqibini ko‘rib hayron bo‘ladi. Chunki Murod uning o‘gay akasi bo‘ladi. Akasining sport bilan shug‘ullanishini eshitgan bo‘lsa ham, bunaqa natijaga erishganini ko‘rib hayron bo‘ladi.
Aziz zaldan chiqib Ilhomga: «Eplay olasanmi?» deydi. Ilhom: «Albatta», deydi.
Murodni bir-ikkita bola urib ketadi. Murod ular ichida Ilhom borligini biladi. Murodning oyog‘i sinadi va boshqa sport bilan shug‘ullana olmaydi, deyishadi.
Murod harakat qiladi, to‘xtamaydi. Lekin uni hech bir murabbiy qabul qilmaydi. Bir do‘sti yaxshi murabbiy borligini, lekin u deyarli hech kimni tayyorlamay qo‘yganini, ichkilikka berilganini aytadi.
Ilhom Sitora bilan uchrashib: «O‘g‘lingizni o‘lasi qilib urgan menman. Bu onamning o‘rnini tortib olganingiz uchun», deydi. Sitora siqiladi. Murodni ko‘rgani boradi. Murod: «Nega keldingiz? Qo‘rqmang, o‘g‘ilchangizni sotmadim», deydi.
Bir-ikki urinishlardan keyin Murod o‘sha do‘sti aytgan murabbiy Mahmudni ko‘ndiradi. Mahmud uni asta-sekin sportga qaytaradi. Bu orada Murod Mahmudning qizi Sevarani yaxshi ko‘rib qoladi.
Ilhom Mahmud sportga qaytganini eshitib zalga boradi va u bilan gaplashadi. Aziz ham aralashadi. Murod undan uzoq yurishlarini aytadi.
Ilhom Murodni kuzatib, Sevara bilan yurganini ko‘rib, Sevaraga sovchi qo‘yadi. Mahmud rozi bo‘ladi. Murod sovchilikka kelgan onasini ko‘rib shokka tushadi. Onasiga: «Ular meni sizdan ayirdi, endi sevgimdan ham ayiryapti», deydi.
Murod alamzada holda jahon chempionatiga jo‘nab ketadi va chempion bo‘lib qaytadi. Murodni Sevara kutib oladi va Ilhomga turmushga chiqqanini aytadi. Murod va Sevara Yoqubning hovlisiga keladi. Murod medalni Yoqubning surati yoniga iladi.
Shohnur Saidahmadov, Jabbor Toshev, Bahodir Mirmahsudov, Nodira Murtazayeva, Nurjahon Haydarova, Umid Sobirov, Alimardon Ziyovuddinov, Masrur Sanayev, Doston Rustamjonov, Ziyodjon Shukurov, Abdulloh Fathullayev, G’iyosiddin Muminov, Otabek Jabborov.
























































































































































































































































