
Qosim boy inson, ammo u baxtsiz. Bir necha yil avval uning ayoli va o‘g‘li avtohalokatga uchragan. Ayoli halok bo‘lgan, o‘g‘li esa nogiron bo‘lib qolgan.
Qosim uyida nogiron o‘g‘li hamda turmushidan ajrashib, o‘g‘li bilan uning uyiga ko‘chib kelgan o‘gay singlisi bilan birga yashaydi. Qosim singlisi va jiyaniga o‘gay bo‘lsa-da, ularga mehribonlik qiladi. Ammo singlisi va jiyanining asl maqsadi — Qosimning boyliklariga ega bo‘lish. Buning uchun hamma narsaga tayyor bo‘lgan singil nogiron jiyanini yo‘q qilib, Qosimning barcha boyliklariga o‘z o‘g‘li egalik qilishi uchun dahshatli reja tuzadi.
Kunlarning birida Qosim ayolining qabri oldida turganida, boshqa bir qabr yonida yig‘layotgan qizga ko‘zi tushadi. Qiz unga yoshlikdagi sevgilisini eslatadi. Qosim uning yoniga borib, qabr toshiga qaraydi va shok holatiga tushadi. Chunki qabr toshida yoshlikdagi sevgilisining suratini ko‘rib, uning vafot etganini bilib qoladi.
Qosim qiz bilan suhbatlashib, uning onasini yoshlikda sevganini aytib beradi. Qiz ham Qosimga o‘z dardini ochib, og‘ir sharoitda yashayotganini aytadi. Shunda Qosim unga nogiron o‘g‘liga qarovchi bo‘lib ishlashni taklif qiladi va qiz uning uyida ishlay boshlaydi.
Ammo qizning uyga kelishi Qosimning o‘gay singlisini xavotirga soladi. Endi u nogiron jiyanini zaharlab o‘ldirish rejasini amalga oshirishdan qo‘rqadi. Bir kuni singil o‘g‘li bilan o‘z rejasini muhokama qilayotganida, qiz tasodifan ularning suhbatini eshitib qoladi. Biroq u bu haqda Qosimga qanday aytishni bilmay qiynaladi.
Qosimning ayollarga o‘ch jiyani bir kuni qizga shilqimlik qiladi. Nogiron o‘g‘il buni ko‘rib tursa-da, na gapira oladi, na qimirlay oladi. U bor kuchini yig‘ib harakat qilishga urinadi va yiqilib tushadi, ammo qizni qutqara olmaydi. Shu payt shovqinni eshitgan Qosim tasodifan xonaga kirib keladi.
Ayyor jiyan va uning onasi vaziyatdan foydalanib, qizga tuhmat qilishadi va uni Qosimga yomonlashadi. Ammo qiz xonada yashirin kamera borligini aytadi. Kamera yozuvlari orqali singil va jiyanning barcha yomon niyatlari, qilmishlari hamda yashirin rejalari Qosimga oshkor bo‘ladi.
Haqiqatni bilgan Qosim singlisi va jiyanini uyidan haydab yuboradi. Vaqt o‘tib, Qosimning o‘g‘li sog‘ayadi. Qiz bilan uning o‘rtasida esa muhabbat paydo bo‘ladi va ular oila qurishadi.
Voqealar rivojiga intriga va dramatik sahnalar to‘liq ssenariyda qo‘shiladi.
Sherzod Pirmatov, Kumush Zakirova, Baxtiyor Musayev, Abdulloh Masudov, Gulnoza Saidova, Javohir Qalandarov, Durdona Raxmonova, Gulnoza ShayxIslomova, Nuriddin Muminov, Alisher Saidrasulov.
























































































































































































































































