
Film Doston va Orzuning samimiy sevgisi bilan boshlanadi. Ularning turmushi mehrga boy va baxtli edi. Ammo vaqt o‘tib, ular 4,5 yil davomida farzandli bo‘la olmaydi. Jamiyat bosimi, qarindosh-urug‘larning gap-so‘zlari, ayniqsa, Dostonning ota-onasi noroziligi yosh oilaning qalbiga og‘ir botadi. Shunga qaramay, Doston rafiqasiga sodiq qoladi va uni qo‘llab-quvvatlashda davom etadi: «Men seni hech qachon tashlab ketmayman».
Nihoyat, kutilgan mo‘jiza yuz beradi — Orzu homilador bo‘ladi. Baxt yana ularning eshigini qoqadi. Orzu bu xushxabarni eriga shaxsan yetkazish uchun yo‘lga chiqadi, ammo kutilmaganda dahshatli avtohalokat yuz beradi.
Mo‘jiza tufayli homila saqlanib qoladi, biroq Orzu og‘ir jarohat oladi — uning umurtqa pog‘onasi jiddiy shikastlanadi. Shifokorlar ona hayotini saqlab qolish uchun homilani oldirishni tavsiya qiladilar. Doston iztirob bilan rafiqasiga: «Bolani oldiraylik, men seni shundoq ham sevaman», — deydi. Ammo Orzu bu uning yagona imkoniyati ekanini his qilib, qat’iy qaror qiladi: nima bo‘lishidan qat’i nazar, u farzandini dunyoga keltiradi.
Shundan so‘ng yosh oila og‘ir sinovlar qarshisida qoladi. Ular bir yil davomida kasallik, qo‘rquv va jamiyat bosimiga qarshi kurashadilar. Har bir kun ular uchun sinov, har bir lahza esa umid va sabr bilan o‘tadi.
Film yakunida Orzuning matonati g‘alaba qozonadi — u sog‘-salomat farzandini dunyoga keltiradi. Bu nafaqat yangi hayotning boshlanishi, balki haqiqiy muhabbatning ham zafaridir.
Miravaz Solihov, Jabbor Toshev, Akmal Nazarov, Shaxsanem Abdijamilova, Oygul Abduraxmonova, Mashxura Xolmetova, Muhammadsaid Qosimov, Javohir Odiljonov, Guli O‘ktamova, Farangiz Ahmedova, Maxfuza Yo‘ldosheva, Maftuna Maqsudova, To‘lqin Axmedov, Dilfuza Zaripova.
























































































































































































































































