
Birinchi kadr Sevara va Oybekning nikohdan o‘tayotganidan boshlanadi. Ikki yosh uyidagilariga xabar bermay nikohdan o‘tishadi. O‘z navbatida, Oybekning uyidagilari umuman boshqa qizning uyiga borib, non sindirishadi. Film ana shunday qarama-qarshilikdan boshlanadi.
Oybek va Sevara Amerikaga ketish uchun hujjat (Green Card) topshirishgan bo‘ladi. Faqat Oybekning arizasi qabul qilingani uchun ular birga ketish maqsadida shoshilinch nikohdan o‘tishadi.
Sevara juda quvnoq, erkakshoda va zamonaviy qiz. U chet elda yashab, farzand ko‘rishni ham biroz ortga surib, avval karyera qilishni xohlaydi. Sevaraning uyidagilari ham qizlarining erta turmush qurib, hamma qatori oila tashvishlari bilan o‘ralashib qolishini emas, o‘qib, katta natijalarga erishishini istashadi. Shuning uchun Sevara Oybek bilan nikohdan o‘tganini uyidagilariga aytmaydi.
Oybek onasining boshqa bir qizga sovchilikka borib, uni unashtirmoqchi bo‘lganini eshitgach, bor haqiqatni aytishga majbur bo‘ladi. Tabiatan qaysar va bir so‘zli onasi: “Men lafzimni qaytarib olmayman. Endi shu qizga uylanasan”, deb turib oladi. Oybek qiyin vaziyatda qoladi. Sevara esa: “U yoqda Kumushingiz bor ekan, men Zaynab bo‘ldimmi?” deb arazlaydi.
Voqealar rivoji davomida Sevaraning uyidagilari bilan Oybekning oila a’zolari ko‘rishishadi. Ikki oila ikki xil dunyo bo‘lsa-da, yoshlarning baxtli bo‘lishini o‘ylab, oxiri murosaga kelishadi. Bir yil hovlida qolib, kelinlik xizmatlarini qilish sharti bilan Sevarani kelin qilishadi.
Sevara qanday bo‘lmasin, xo‘jayini bilan chet elga ketmoqchi bo‘ladi. Bu borada har xil rejalar tuzadi. Lekin har safar rejasi o‘xshamaydi. Kelinining tirishqoqligi va o‘zi kabi qaysar ekanini ko‘rgan qaynona oxiri ularning ketishiga rozi bo‘ladi. Lekin Sevaraning homiladorligini bilgach, “U yoqda qiynaladi”, deb o‘g‘lini yuborib, kelinini o‘zi bilan olib qoladi.
Domda o‘sgan, erkatoy, orzulari osmon qiz qaynonasi bilan bir hovlida yashashga qiynaladi. Avvaliga hammani, hatto erini ham yomon ko‘radi. O‘zini butunlay yolg‘iz va chorasiz his qiladi. Dugonalari esa: “Siz o‘n yildan keyin farzandli bo‘lmoqchi edingiz, Amerika orzusi qayerda qoldi?” deb uning ustidan kulishadi.
Farzand ko‘rish arafasida Sevara juda qiynaladi. Qaynonasi yonida turib, unga g‘amxo‘rlik qiladi. Farzandli bo‘lgach ham Sevaraning o‘zidan ko‘ra qaynonasi chaqaloqqa ko‘proq qaraydi.
Qaynonasi unga: “Men ham o‘qimishli, ishbilarmon ayol edim. Farzandlarim tarbiyasi uchun hammasini chetga surib qo‘yganman. Ularning yutuqlarini ko‘rib, xato qilmaganimni tushunaman. Siz hech ham siqilmang, xohlaganingizcha o‘qib, ishlashingiz mumkin. Men yoningizda yurib bo‘lsa ham yordam beraman. Faqat chaqaloq sal katta bo‘lsin”, deydi.
Xosiyat Xusanova, Ra’no Shomirzayeva, Otabek Haqberdiyev, Mirzatilla Shonazarov, Shahzod Xojizoda, Sug‘diyona Ubaydullayeva, Seviliya Jumayeva, Shahlo Ahmadjonova, Shahlo Odinayeva, Nilufar Pirmuhammedova.
























































































































































































































































