
Bir oila toqqa dam olgani boradi. Oilaning 9 yashar o‘g‘li va 8 yashar qizalog‘i bo‘lib, er-xotin farzandlarini yer-u ko‘kka ishonmasdi. Xullas, tog‘da er-xotin selfi qilib, Instagram uchun video olayotgan mahalda bolalar o‘ynab-o‘ynab ko‘zdan g‘oyib bo‘lishadi.
Aka-singil bir-biri bilan berkinmachoq o‘ynaydi. Qizaloq akasidan yashirinaman deb uzoqroqqa ketib qoladi va yugurayotgan paytda kutilmaganda yuqori tezlikda kelayotgan mashina uni urib ketadi. Mashinani boshqarayotgan haydovchi atrofga olazarak bo‘lib qaraydi-da, so‘ng qo‘rqqanidan qizni mashinasiga solib, voqea joyidan g‘oyib bo‘ladi.
Kuchli yomg‘ir yog‘ayotgani va atrofda kameralar yo‘qligi sababli voqea ko‘pchilikning e’tiboridan chetda qolib ketadi. Ota-ona farzandlarini izlay boshlaydi. Katta o‘g‘li topiladi. Ammo qizalog‘ini izlamagan joylari qolmaydi. Tuni bilan izlab, ertasiga militsiyaga murojaat qilishadi. Katta tezkor guruh qizni izlashga kirishadi. Afsuski, qancha izlashmasin, qizaloqning daragi chiqmaydi.
Ota-ona qizalog‘ini yillar davomida izlay-izlay, oxiri umidini uzishadi. Qizalog‘ini o‘lgan deb hisoblab, ko‘zda yosh bilan har bir bayramda uni yodga olishadi.
Mashinada chalajon qizni olib ketgan erkak uni kasalxonaga emas, to‘g‘ri uyiga olib boradi. Erkakning xotini shifokor bo‘lgani uchun qizaloqqa kerakli yordamni ko‘rsatadi. Qizaloqning miyasi qattiq jarohat olgani sababli u butunlay xotirasini yo‘qotgan edi. Asta-sekin sog‘aya boshlaydi va so‘ng yangi oilada yashab qoladi.
Shifokor ayol eriga:
— Qizni militsiyaga topshiraylik. Axir oilasi bordir, uni izlashayotgandir, — deydi.
Erkak esa sarosimaga tushadi:
— Meni qamab qo‘yishadi. Avval ham tuhmat bilan qamalib ketishimga oz qolgandi, — deb ko‘nmaydi.
Ayol eriga:
— Unda nima qilamiz? — deydi.
Eri esa:
— Boshqa shaharga ko‘chamiz, keyinchalik xorijga ketamiz. Bu qizni o‘z qizimizdek katta qilamiz, — deydi.
Va shunday qilishadi ham. Ularning o‘zlarining ham shu tengi qizi bo‘lib, ikki qiz birga ulg‘ayadi.
Shifokor ayolning qo‘lida tarbiya topgan qizaloq ham kelajakda shifokor bo‘lib yetishadi va klinikaga ishga joylashadi.
Shu orada klinikaga og‘ir bemor keltiriladi. 55 yoshdan oshgan kishining avtohalokat natijasida ahvoli og‘ir edi. Qiz bemorni operatsiya qiladi va uning hayotini saqlab qoladi.
Bemor o‘ziga kelgach, shifokorga rahmat aytish uchun xotini bilan uning oldiga kiradi. Yosh shifokor qizni ko‘rib, er-xotin hayajonlanib, karaxt bo‘lib qolishadi. Chunki shifokor qiz onasining yoshligiga juda o‘xshardi. Ona ham ich-ichidan o‘ziga bir tomchi suvdek o‘xshaydigan qizni tanigandek bo‘ladi.
— Ota-onangiz bormi? — deb qizdan so‘rashadi.
Qiz:
— Ha, ota-onam bor. Nega so‘rayapsiz? — deydi.
Haqiqiy ota-onaning go‘yo orzulari puchga chiqqandek bo‘ladi. Ular o‘rnidan turayotganida qizining qo‘lidagi xolga ko‘zlari tushadi-yu, karaxt bo‘lib bir-biriga qarab qolishadi. Qiz ham bu g‘alati bemorlarni ko‘rib ajablanadi.
Ota shifokor qiz haqida barcha ma’lumotlarni to‘plashga, u haqida ko‘proq bilishga intiladi. Uning uyiga borib surishtiradi. Bundan shifokor qizning jahli chiqib ketadi:
— Mendan nima istaysizlar? — deb baqiradi.
Boqib olgan ona esa jim bo‘lib, tildan qoladi.
Shunda qizning qondosh akasi uni ko‘chada ko‘rib qolib, to‘xtatib gaplashadi. Bolalikdagi voqealarni, birga o‘ynaganlarini, unga varrak sovg‘a qilganini va maktabda bezorilardan himoya qilganini gapirib beradi.
Qiz bu gaplarga ishonmaydi:
— Mening haqiqiy ota-onam bor. Sizlar meni yo‘qolgan qizingizga o‘xshatmanglar! — deb ular bilan urishib ketadi.
Qiz hamma narsani unutish uchun boqib olgan ota-onasi va tengdosh opasi bilan toqqa dam olgani chiqadi. Tog‘da sayohat qilib yurib, yiqilib tushadi-yu, bolalikdagi voqealar esiga tushadi. Yo‘qolgan xotirasi tiklanadi.
Boqib olgan ota-onasiga bu haqda aytganida, ular ayblarini tan olib, kechirim so‘rashadi.
Qiz esa farzand dog‘ida kuygan va aqldan ozayozgan haqiqiy ota-onasidan yig‘lab kechirim so‘rash uchun ularning uyiga boradi. Uyga kirganida xuddi o‘zining suratiga o‘xshash rasmga ko‘zi tushadi-yu, qotib qoladi.
Bu — onasining yoshligidagi surati edi.
Arofat Ergasheva, Tolib Mo‘minov, Dildora Umarova, Xoldor Tursunboyev, Kamila Alimova, Odilxon Maxamadxonov, Bahodir Mirmaqsudov, Xilola Alimova, Javohir Abdullayev, Aziza Danaboyeva, Mavluda Roziqova.
























































































































































































































































