
Ushbu filmda Zarina, Zulfiya va Nafisa ismli qizlarning boshidan kechirgan sarguzashtlari hikoya qilinadi. Qizlar juda uddaburon, aqlli va ustasi farang. Ular oson yo‘l bilan pul topishga o‘rganib qolishgan. Qizlar asosan firibgar va jinoyatchi boyvachchalarni chuv tushiradilar. Oddiy, to‘g‘ri yo‘lda yurgan odamlarga tegishmaydi. Aksincha, ularga yordam berishadi.
Film boshida ular mashina bozorida odamlarni aldab, pulini bermay yurgan bir mashinafurushni tuzoqqa tushirib, uni katta pulga tushiradilar. Shundan so‘ng asosiy voqealar boshlanadi.
Zarina chet elda yurgan paytida o‘zbekistonlik bir ayol bilan tanishib, undan ko‘p yordam olgan. Ayolning ota-onasini Samad ismli odam aldab, bor mol-mulkini o‘zlashtirib olgan. Qizlar bor e’tiborini o‘sha Samadga qaratadilar. U juda jiddiy va xavfli odam bo‘lsa ham, ular boyvachchaning ta’zirini berib qo‘yish uchun ortga chekinmaydilar.
Avvaliga uning o‘g‘lini “ilintirishadi”. Zarina esa Samad bilan yaqindan tanishib, u bilan hamkorlik qila boshlaydi va uning ishonchiga kiradi. Bir kuni u ajoyib bir reja tuzadi. Chet ellik bir millionerning vafot etganini aytib: “Yagona merosxo‘ri ham vafot etgan ekan. Sizning ismingiz o‘sha merosxo‘rning ismi bilan bir xil. Xo‘p desangiz, millionerning pullarini sizning nomingizga o‘zlashtiramiz”, — deydi Samadga.
Pulga o‘ch Samad bunga rozi bo‘ladi. Ammo u bir advokatini o‘rtaga qo‘yadi. Zarina advokat bilan til biriktiradi va oxir-oqibat Samadning barcha pullarini tortib olib, uning jinoyatlarini fosh qiladi. Samad qamaladi.
Samadning o‘g‘li esa qizlardan biri — Zulfiyani rostdan ham sevib qoladi. Zulfiya ham uni yoqtirib qoladi. Yakunda ular turmush qurishga ahd qilishadi.
Sug‘diyona Ubaydullayeva, Maftuna Ahmadaliyeva, Nurjahon Haydarova, Abror Yuldoshev, Gulmira Muhammedova, Umid Sobirov, Firdavs Ziyayev, Farxod Muxtorov, Abdulaziz Jalilov, Abror Qobulov, Sardor Nurmurodov, Habibullo Muhammadnazar, Jasur Pirnazarov, Manuel Nilomem.
























































































































































































































































