
Samandar 30 yoshga yaqinlashib qolgan, yaxshi oiladan chiqqan, o‘qimishli, badavlat, mehnatkash, eng asosiysi, samimiy yigit. Ammo ota-onasi uchun uning barcha yutuqlari oldida bir asosiy muammo bor edi — Samandarni uylantirish. Har hafta Samandar onasi tanlab bergan navbatdagi qiz bilan uchrashishga majbur bo‘lardi. U chiroyli, o‘ziga to‘q, badavlat oilalarning qizlari bilan suhbatlashardi, ammo ularning hech biri uning qalbiga yoqmasdi. Bu uchrashuvlar Samandar uchun odatiy va zerikarli holatga aylanib qolgan edi.
Bir kuni navbatdagi uchrashuvdan qaytayotganida u ko‘chada mors yoki muzqaymoq sotayotgan juda chiroyli, tabiiy go‘zal qizga ko‘zi tushadi. Shu payt bir necha bezori yigit qizga tegajog‘lik qilishga urinadi. Ammo qiz ojiz emas edi. U sho‘x, shaddod, erkakshoda xarakterli va o‘zini himoya qila oladigan qiz bo‘lib chiqadi. Vaziyat keskinlashganda Samandar aralashadi va shu tariqa ularning tanishuvi boshlanadi.
Qizning ismi Oysha edi. Oysha boshqalarga o‘xshamasdi. U boylik yoki dabdaba haqida emas, ertangi kun tashvishi haqida o‘ylardi. Samandar uning samimiyligi, hayotga bo‘lgan muhabbati va hech kimga bo‘yin egmaydigan xarakteriga tobora mahliyo bo‘lib boradi. Ular orasidagi do‘stlik asta-sekin muhabbatga aylanadi.
Vaqt o‘tgan sayin Samandar Oyshaning hayoti haqida ko‘proq bilib oladi. Oysha otasidan erta ayrilgan, og‘ir dard bilan kurashayotgan onasi va maktabda o‘qiydigan singlisining yagona tayanchi hamda boquvchisi edi. Yozda kun bo‘yi quyosh tig‘ida mors yoki muzqaymoq, sovuq kunlarda esa qaynoq qahva va choy sotib, oilasining ro‘zg‘orini tebratardi. Topgan pulining katta qismi onasining davolanishi va singlisining ta’limiga sarflanardi.
Oyshaning matonati va fidoyiligi Samandarning unga bo‘lgan muhabbatini yanada kuchaytiradi. Nihoyat, u ota-onasiga sevgan qizi haqida aytadi. Ammo ota-onasi qizni surishtirib, uning kambag‘al oiladan ekanini, ko‘chada savdo qilishini va badavlat qarindoshlari yo‘qligini bilgach, bu munosabatga qat’iy qarshi chiqishadi. Ular Samandar uchun allaqachon obro‘li va badavlat oiladan kelin tanlab qo‘yganliklarini aytib, tez orada o‘sha qizga uylanishini talab qilishadi.
Shundan keyin Samandar uchun haqiqiy kurash boshlanadi. Bir tomonda ota-onasining orzulari, oilaviy bosim va tabaqalanish, ikkinchi tomonda esa Samandarning chin muhabbati, baxti va orzulari turardi. Oysha esa o‘zi sababli Samandarning ota-onasi bilan munosabatlari buzilishini istamay, undan uzoqlashishga qaror qiladi. U hatto sevgi yo‘lida ham o‘z qadr-qimmatini yo‘qotishni istamaydi.
Muhabbat va burch, boylik va insoniylik, orzu va haqiqat o‘rtasida qolgan Samandar ilk bor o‘z hayoti uchun mustaqil qaror qabul qilishga majbur bo‘ladi. Endi u nafaqat sevgan qizi uchun, balki insonning qadri boyligi bilan emas, qalbi bilan o‘lchanishini isbotlash uchun ham kurashishi kerak.
Samandar oxir-oqibat Oyshani tanlaydi. Ular oila qurib, ota-onasidan alohida yashay boshlaydilar. Vaqt o‘tishi bilan Samandarning ota-onasi ham uning qarorini qabul qilishadi. Chunki ular farzandlaridan voz kecha olmaydilar.
Farrux Mirzayev, Nozanin G‘afforova, Vazira Yunusova, Dilmurod Uzoqov, Ortiq Nuriddinov, Sarvinoz Jo‘rayeva, Sardor Nurmurodov, Odina Umaraliyeva, Shahzod Ergashev, Suluxon Jienmuratova, Farangiz Ahmedova, Asilbek Erqo‘ziyev, Shahboz Aliyev, Laylo Ashurova, Firuz Tog‘ayev, Dildora Egamova, Jahongir Jabborov, Sayfullo Shokirov.
























































































































































































































































